2024-yil yanvar – iyun oylarida umumiy pul tushumlari 385 trln soʻmni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 30 foizga oʻsdi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, umumiy pul tushumlarida terminal orqali tushumlar ulushi 2023-yil 1-yarim yilligidagi 38 foizdan 41 foizga oʻsib, uning tarkibida savdo va xizmatlar sohasidan terminal tushumlari salmogʻi 40 foizdan 45 foizga oʻsishi kuzatildi.
2024-yil yanvar – iyun oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 458 trln soʻmni (naqd pul tushumlari – 227 trln soʻm, berilgan naqd pullar – 231 trln soʻm) tashkil etgani holda, 2023-yilning mos davriga nisbatan 24 foizga oshdi.
Banklarga naqd pullar tushumining tarkibiy tuzilishida keskin oʻzgarishlar kuzatilmadi.
2024-yil yanvar – iyun oylarida bank kartalariga 468 trln soʻm mablagʻlar kirim qilingan. Bu koʻrsatkich 2023-yil mos davriga nisbatan 1,3 baravarga oshdi va ushbu davrda bank kartalaridagi 107 trln soʻm mablagʻlar naqdlashtirib olingan.
2024-yil yanvar – iyun oylarida bank kartalariga kelib tushgan mablagʻlarning 23 foizi naqdlashtirib olingan boʻlib, bu koʻrsatkich 2023-yilning mos davrida 24 foizni (2022-yilda 28 foizni) tashkil etgan.
Banklarga tushgan naqd pullarning ularga boʻlgan talab oʻrtasidagi farq Markaziy bank tomonidan muomalaga qoʻshimcha naqd pullarni chiqarish orqali ta’minlab borildi.
Jumladan, Markaziy bank tomonidan joriy yilning 6 oyi mobaynida muomalaga qoʻshimcha 4,1 trln soʻm naqd pullar chiqarildi. 2024-yil 1-iyul holatiga umumiy pul massasidagi naqd pullarning ulushi 21,1 foizni tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,7 foiz bandga pasaydi.
Avvalroq «Kursiv» kartalardan naqd pul yechib olish asta-sekin kamayayotgani haqida xabar bergan edi.