Qozog‘istonning «Mechta» maishiy texnika do‘konlari tarmog‘i Toshkentdagi yagona do‘konini yopdi, deb xabar berdi «Kursiv» muxbiri.
Kompaniyaning O‘zbekistondagi Mechta.uz saytida do‘kon Bunyodkor shohko‘chasi, 52-uyda joylashgani ko‘rsatilgan. Ammo bu binoda «Mechta» do‘konining nomi yozilgan belgi qolgan xolos. Yaqin atrofdagi do‘konlar xodimlarining «Kursiv» muxbiriga aytishicha, «Mechta» bir necha haftadan beri yopilgan.
«Kursiv» doʻkonlar tarmogʻi nima uchun Oʻzbekiston bozorini tark etgani haqidagi savolga oydinlik kiritish uchun kompaniyaga maktub yoʻlladi. Ammo ushbu maqola saytda e’lon qilinganiga qadar biz javob olmadik.
O‘zbekistonda ushbu tarmoqning ochilishi o‘tgan yili ma’lum bo‘lgan edi. Dekabr oyida «Kursiv» hh.uz saytida kompaniyaning vakansiyalari haqida yozgan edi. Hozirgi kunda hh.uz saytida kompaniya bo‘limida bo‘sh ish o‘rinlari haqida e’lon mavjud emas.
Qozog‘istonning «Mechta Market» Mechta.uz asoschisi hisoblanadi. 2023-yil yakuni bo‘yicha QRning 50 ta eng yirik kompaniyasi Forbes reytingida tashkilot 310 milliard tenge daromad bilan 13-o‘rinni egalladi. Tarmoq egalari orasida Erem Arutyunyan, Yuriy Gotzelig, Rima Usoltseva bor.
«Mechta» Qozog‘istonda maishiy texnika sotish bo‘yicha yetakchi savdo tarmoqlaridan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Fransiyaning Carrefour tarmog‘i O‘zbekiston bozorini tark etgan edi. Do‘konlarni Qozog‘istonning Magnum riteyleri sotib olgan. «Kursiv» jurnalisti ekspertlar bilan ushbu yirik tashkilotning ketishi sabablari haqida suhbatlashgan edi.