Dunyoning yetakchi chip ishlab chiqaruvchi TSMC kompaniyasi daromadining keskin oʻsganini ma’lum qildi
Dunyoning yetakchi chip ishlab chiqaruvchi «Taiwan Semiconductor Manufacturing Co.» (TSMC) kompaniyasi daromadi va sof foydasining oʻsganini ma’lum qildi. Unga koʻra, oxirgi koʻrsatkich 2024-yilning ikkinchi choragida 36 foizga oʻsdi, deya xabar bermoqda Finmarket agentligi.
2024-yilning aprel – iyun oylari oxirida TSMCʼning sof foydasi $7,66 milliardni (yillik oʻsish 36 foizga), daromadi esa $20,6 milliardni (40 foizga) tashkil etdi.
Bu koʻrsatkichlar bozor ishtirokchilari kutganidan ham yaxshiroq boʻlib chiqdi. Xabar qilinishicha, TSMC foyda va daromadlarining keskin oʻsishi kompaniyaning sun’iy intellekt (SI) vositalarida qoʻllaniladigan mikrochiplariga boʻlgan talabning keskin ortishi bilan bogʻliq.
«Hozir talab shunchalik yuqoriki, uni qondirish uchun koʻp mehnat qilishimiz kerak. Umid qilamanki, 2025 yoki 2026-yillarda muvozanatga erishish mumkin», dedi TSMC direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Si Si Vey.
2024-yil boshidan beri TSMCʼning kapitallashuvi 70 foizga oʻsdi.
Avvalroq «Kursiv» TSMC yangi zavod uchun deyarli $2,9 milliard sarmoya kiritmoqchi ekanligi haqida xabar bergan edi.