Oʻzbekistonga kirib kelgan pul oʻtkazmalari yarim yilda 25 foizga ko‘paydi
Oʻzbekistonga kirib kelgan pul oʻtkazmalari 2024-yil yanvar–iyun oylarida $6,5 mlrdni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov maʼlum qildi.
«Bu 2023-yilning mos davriga nisbatan 25 foizga ko‘paydi. Yil boshida biz 11–12 foizlik oʻsishni taxmin qilgan edik», — deydi Nurmuratov
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda pul o‘tkazmalarining diversifikatsiyasi kuzatilmoqda. Markaziy bank raisining taʼkidlashicha, AQSHdan kirib kelgan pul oʻtkazmalari 43 foizga, Germaniyadan 64 foizga, Polshadan 2 barobarga va Janubiy Koreyadan 1,9 barobarga koʻpaygan.
Shu bilan birga, Rossiyadan kirib keladigan pul oʻtkazmalarining ulushi ikki yil oldingi 82 foizdan 77 foizga tushgan va $4,95 mlrd tashkil qilgan. Keyingi oʻrinlarni $347 mln bilan Qozogʻiston, $271 mln bilan AQSH va $262,3 mln bilan Janubiy Koreya egallagani maʼlum qilindi.
Avvalroq «Kursiv» YAIM oʻsishi avvalgi prognozlarga nisbatdan 0,5 foizga yaxshilangani haqida xabar bergan edi.