Yangiliklar

Oʻzbekistonda kichik biznes subyektlari soliq toʻlovlarini 30 foizdan koʻproqqa oshirdi

Olti oyda umumiy 7,1 trillion soʻm soliq toʻlagan
Foto: Skorzewiak / www.depositphotos.com

Oʻzbekistonda 2024-yil 1-iyul holatiga koʻra, 66 mingga yaqin kichik biznes subyektlari 7,1 trillion soʻm soliq toʻlagan. Bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan 31,5 foizga koʻpdir, deya xabar bermoqda Soliq qoʻmitasi matbuot xizmati.

Maʼlum qilinishicha, birinchi yarim yillikda kichik biznes subyektlarining tovar aylanmasi 80,6 trillion soʻmdan oshdi va yillik oʻsish 24,9 foizni tashkil etdi.

Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilning olti oyida respublikada yangi 41 mingta kichik korxona va mikrofirmalar roʻyxatdan oʻtgan.

Bugungi kunda mamlakatda jami 387,1 mingdan ortiq mikrofirma va kichik biznes subyektlari faoliyat yuritmoqda. Yil davomida ularning soni 5,8 foizga kamaydi.

Avvalroq «Kursiv» yaqin ikki yilda kichik biznesni rivojlantirish uchun 6 trillion soʻm yoʻnaltirilishi haqida xabar bergan edi.