Rossiya yana benzin eksportini toʻxtatadi
Rossiya avgust oyidan boshlab xorijga benzin yetkazib berishni toʻxtatadi. Bu haqda «TASS» Rossiya Energetika vazirining birinchi oʻrinbosari Pavel Sorokinga tayanib xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, cheklovlar joriy yilning oktabrigacha amal qiladi. Hukumat dizel yonilgʻisi eksportini cheklashni hali rejalashtirmagan. Lekin Moskva bu masala ustida ham ishlayotgani ta’kidlandi.
Bungacha Moskva 2024-yilning bahorida va 2023-yilning kuzida benzin eksportiga taqiqlar joriy qilgan edi.
2023-yil noyabr oyida Oʻzbekiston Energetika vazirligi rahbari Joʻrabek Mirzamahmudov Rossiya tomonidan benzin eksportiga joriy qilingan cheklovlar Oʻzbekiston Respublikasiga taalluqli emasligini ma’lum qilgan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Statistika agentligi ma’lumotlariga koʻra, 2024-yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonga $2,1 milliardlik mineral yonilgʻi mahsulotlari import qilingan boʻlsa, 2023-yilda bu koʻrsatkich $1,2 milliardni tashkil etgan.
Avvalroq «Kursiv» 2024-yilda benzin uchun tovon puli 128,7 ming soʻmga oshirilgani haqida yozgan edi.