Yangiliklar

Qozogʻiston aholisi olti oy ichida 125 ming nafarga koʻpaydi

Bu haqda mamlakat Milliy statistika byurosi xabar berdi
Foto: MaxZolotukhin / depositphotos.com

2024-yilning 1-iyul holatiga koʻra, Qozogʻiston aholisi 20,1 millionni tashkil qildi. Bu haqda mamlakat Milliy statistika byurosi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, shundan 12,5 mln nafari shahar joylarda, 7,5 mln nafari esa qishloq joylarda istiqomat qiladi.

Mamlakatda 2024-yilning yanvar–iyun oylarida aholi soni 125 ming nafarga koʻpaydi. Bulardan tabiiy oʻsish hisobiga 118 ming nafar boʻlsa, qolgan 7289 kishiga migratsiya hisobiga toʻgʻri keladi.

Aholi oʻsishining eng yuqori surʼatlari Ostona shahrida – 2,93 foizga, Chimkentda – 1,38 foizga va Olmaotada – 1,33 foizga qayd etilgan.

Eslatib oʻtamiz, yanvar–iyun oylarida 4128 nafar oʻzbekistonlik Qozogʻistonga koʻchib ketgan.

Avvalroq «Kursiv» joriy yilning olti oyida Oʻzbekistonda 421,9 mingta chaqaloq dunyoga kelgani haqida xabar bergan edi.