Dushanba kuni taxminan soat 04:00 lar atrofida Andijon tumanida, haydovchining uxlab qolishi natijasida yuk mashinasi temir yo‘l ko‘prigiga borib urildi. Holat yuzasidan Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy bayonot berdi.
Qayd etilishicha, hodisa 5-avgust kuni tongda Sanoat mahallasidan o‘tgan 4R-116 avtomobil yo‘lining 83-kilometrida sodir bo‘lgan. 22 yoshli haydovchi A.S uxlab qolishi natijasida «HOWO» rusumli yuk mashinasi temir yo‘lga urilgan. Oqibatda yuk mashinasi hamda temir yo‘lga zarar yetgan. Tan jarohati olganlar yo‘q.
Hozirgi vaqtda holat yuzasidan Andijon tumani IIB Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. «Shu o‘rinda barcha haydovchilardan charchoq holatida avtomashina boshqarmaslikni so‘rab qolib, buning oqibati juda ko‘plab noxush holatlar sodir bo‘lishiga olib kelishidan ogohlikka chaqiramiz!», deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Avvalroq «Kursiv» Chirchiq daryosiga yuk mashinasi tushib ketishi oqibatida bir kishi halok boʻlgani haqida xabar bergan edi.