Aviasales.uz saytida o‘zbek tilidagi «Uyo-buyo» nomli qo‘llanma ishga tushirildi. Bu haqda kompaniya «Kursiv»ga ma’lum qildi.
«Uyo-buyo» o‘zbekistonlik sayohatchilarga qayerda yashash, qayerga borish va fotosuratlar uchun eng manzarali joylarni tanlashga yordam beradi.
«Biz oʻzbekistonlik sayohatchilarning qiziqishlarini sinchkovlik bilan oʻrganib chiqdik va Oʻzbekiston fuqarolariga oʻz shaharlari haqida soʻzlab berish uchun butun dunyodan gidlar, fotograflar va sayohatchilarni taklif qildik. Endi sayohatingizdagi qiziqarli joylar roʻyxatini tuzishga vaqt sarflashingiz shart emas. “Uyo-buyo»da hozirdanoq 20 ta mashhur yoʻnalishlar mavjud va ularning soni har oy yangilanib boriladi”, — deydi Aviasales.uz saytining hududiy menejeri Ruslan Bayganurov.
«Uyo-buyo» maʼlumotlari foydalanuvchilar uchun yoʻl topishni osonlashtirish uchun shahar xaritalari bilan birlashtirilgan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston sayohat va turizmni rivojlantirish indeksida 16 pog‘onaga ko‘tarilgani haqida xabar bergan edi.