Oʻzbekiston 2030-yildan boshlab ortiqcha elektr energiyasini Yevropaga eksport qilmoqchi. Bu haqda Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov Ostona shahrida boʻlib oʻtayotgan Markaziy Osiyo energetika vazirlarining birinchi yigʻilishida ma‘lum qildi.
Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, Kaspiy dengizi tubi boʻylab kabel yotqizish boʻyicha Qozogʻiston — Oʻzbekiston — Ozarbayjon qoʻshma uch tomonlama loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, Oʻzbekiston eksportni yoʻlga qoʻyadi.
«Joriy yil oxiriga qadar biz qayta tiklanadigan energiya manbalaridan olinadigan umumiy energiya quvvatini 2030-yilga kelib 20 GVt dan ortiqqa olib chiqamiz, shundan ikki GVtdan besh GVtgacha Yevropaga eksport qilinishi mumkin boʻladi», deydi u.
Mirzamahmudovning qoʻshimcha qilishicha, eksportning aniq hajmi elektr energiyasini uzatish tizimining quvvati va yevropalik xaridorlarning ehtiyojlariga bogʻliq boʻladi.
«Oʻzbekistondan elektr energiyasi Qozogʻiston orqali Markaziy Osiyoning umumiy energetika tizimiga, keyin Kaspiy dengizi tubi boʻylab Ozarbayjonga, u yerdan Gruziyaga, soʻngra Qora dengiz orqali Ruminiya, Vengriya va Bolgariyaga oʻtkaziladi», deya tushuntirdi Mirzamahmudov.
Avvalroq Energetika vaziri Oʻzbekistonda «yashil» elektr energiyasi ishlab chiqarish toʻrt baravar oshgani haqida xabar bergan edi.