Oʻzbekistonda iyul oyida avtomobil bozori ijobiy tendensiya ko‘rsatdi

eʼlon qilindi
Iyul oyida yengil avtomobillar savdosi 18,6 foizga oshib, 92 ming donani tashkil etdi
Foto: Roman Fedotov / «Kursiv»

Oʻzbekistonda 2024-yilning iyul oyida avtomobil bozori 17,4 foizga oʻsib, qariyb 102 ming dona avtomobil sotildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) hisobotida maʼlum qilindi.

Qayd etilishicha, ortda qolgan oyda yengil avtomobillar savdosi 18,6 foizga oshib, 92 ming donani tashkil etdi. Yil davomida esa bu koʻrsatkich 30 foizdan koʻproqqa qisqargan. Viloyatlar kesimida eng katta koʻrsatkich Namangan, Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida kuzatildi.

Shuningdek, birlamchi yengil avtomobillar bozorida sotuvlar oʻtgan oyga qaraganda 17 foizga ortdi. Yillik hisobda boʻlsa, bu 12 foizga pasaygan. Ikkilamchi bozorida esa oʻtgan oyga nisbatan 19,6 foizga oshdi. Hisobot davrida ushbu segmentda 61,5 mingga yaqin avtomobil sotildi. Umuman sotuvlar yil davomida 37 foizga kamayganini koʻrish mumkin.

Mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillarning savdosi 17,5 foizga ortdi. Qolaversa, Oʻzbekistonda xorijiy yengil avtomobillar bozori oʻsishi kuzatildi. Iyul oyida ushbu segmentdagi savdo 9,6 foizga oʻsdi va 2,6 ming donaga yetdi. Bu oʻtgan oyga nisbatan 200 ta xorijiy avtomobilga koʻpdir.

Oʻzbekistonda elektromobillarning birlamchi bozorida oy davomida sotuvlar 11,2 foizga oʻsdi, ikkilamchi bozorda esa 18,2 foizdan ortiq oʻsish kuzatilgan.

Eslatib oʻtamiz, 2024-yilning yanvar–iyun oylarida 190 786 dona yengil avtomobillar ishlab chiqarilgan. Yarim yil ichida mamlakatda eng koʻp Cobalt (72 948 dona) ishlab chiqarilgan. Shuningdek, mamlakatda Kia, Chery, Haval, BYD, Hyundai avtomobillari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston avtomobil bozori 13,6 foizga kamaygani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek