Qozogʻiston maymunchechak tufayli chegara va aeroportlarda nazorat choralarini kuchaytirdi

eʼlon qilindi
Kasallanish holatlari qayd etilgan mamlakatlardan kelayotgan fuqarolarga alohida e’tibor qaratiladi
Foto: Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati

Qozogʻistonda maymunchechak kasalligi sababli chegara va aeroportlarda nazorat choralari kuchaytirildi. Bu haqda «Zakon.kz» nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu kasallik bilan kasallanish holatlari qayd etilgan mamlakatlardan kelayotgan fuqarolarga alohida e’tibor qaratiladi.

«Shu kungacha Qozogʻistonda birorta ham maymunchechak kasalligi qayd etilmagan. Shu bilan birga, mamlakatimiz sanitariya karantin punktlarida koʻrilayotgan chora-tadbirlar kasallikning respublika hududiga olib kirish xavfini kamaytiradi», deyiladi mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligi bayonotida.

Shuningdek, Qozogʻiston fuqarolariga kasallik qayd etilgan mamlakatlarga bormaslik, toshma, harorat koʻtarilishi va boshqa alomatlar paydo boʻlsa, tibbiy yordamga murojaat qilish tavsiya etildi.

Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» Oʻzbekistonda maymun chechagiga qarshi kurash qoʻllanmasi ishlab chiqilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek