Oʻzbekistonda Britaniyaning Vodafone kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi uyali aloqa operatori ishga tushiriladi
Oʻzbekistonda Britaniyaning Vodafone kompaniyasi bilan hamkorlikda 5G Standalone milliy mobil aloqa operatori ishga tushiriladi. Bu haqda UzTex Group toʻqimachilik kompaniyasi asoschisi Farhod Mamatjonov prezident bilan Nukusda boʻlib oʻtgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Tadbirkorning ma’lum qilishicha, loyiha 2025-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
«Kecha boʻlib oʻtgan majlisda raqamlashtirish haqida aytib oʻtdingiz. Bu ishlarni yashin tezligida amalga oshirish uchun yashin tezligida ishlaydigan internet kerak. Biz Oʻzbekistonda 5G Standalone mobil aloqani yoʻlga qoʻyish uchun dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri Britaniyaning Vodafone kompaniyasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydik», deydi tadbirkor.
Mamatjonovning qoʻshimcha qilishicha, bu ishlarni amalga oshirish uchun perfectum kompaniyasi xususiylashtirilgan. Shuningdek, loyihaga Uzcard kompaniyasi ham jalb qilinganini aytdi. Loyiha qiymati 250 mln yevroni tashkil qilmoqda.
Uninig qoʻshimcha qilishicha, loyihada Finlandiyaning Nokia kompaniyasi oʻz texnologiya va jihozlari bilan ishtirok etmoqda.
«Hozirda texnologiyalar ishga tushirish uchun ishlar olib kelinmoqda. Bu narsalarni amalga oshirish uchun Finlandiya eksport agentligining 100 mln yevro investitsiyani “Sanoatqurilishbank» orqali jalb qildik. Qolgan 150 mln yevro esa ta’sischilar tomonidan jalb qilinadi. Shu kungacha Oʻzbekistonda xorijiy va davlat korxonalari boʻlgan. Biz hozir oʻzbek milliy aloqa operatorini tashkil qilmoqdamiz», deydi tadbirkor.
Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» Beeline Uzbekistan’ning daromadi 3,15 trln so‘mgacha oshgani haqida xabar bergan edi.