Raqobat qoʻmitasi yana bir korxonani jarimaga tortdi
Birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarning sotilishida qonunga zid harakatlar aniqlangan «Amudaryotex» MCHJ XKga jarima qoʻllandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, «Amudaryotex» MChJ XKning 2024-yilning yanvar–iyun oylaridagi faoliyatida «Raqobat toʻgʻrisida»gi Qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi yuzasidan oʻrganish ishlari oʻtkazildi.
Tekshiruvlarga koʻra, korxona tomonidan 2024-yil I yarmida texnik chigit, paxta tolasi va momiq mahsulotlarini tasdiqlangan jadval asosida birja savdolariga qoʻymasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida sotish orqali 900 mln soʻmga yaqin asossiz mablagʻlar olinganlik holatlari aniqlandi.
Hozirgi vaqtda «Amudaryotex» MCHJ XKga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, natijasi boʻyicha belgilangan tartibda moliyaviy jarima qoʻllash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» Raqobat qoʻmitasi yana ikki MCHJni jarimaga tortgani haqida xabar bergan edi.