Afg‘oniston poytaxti Kobulda yuz bergan portlashda kamida olti kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Al Jazeera axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, terroristik holat Kobul janubidagi Qala-i-Baxtiyor hududida sodir bo’lgan.
«Bugun tushdan keyin tanasiga portlovchi modda kiygan shaxs o‘zini portlatdi», deb yozdi Kobul politsiyasi vakili Xolid Zadran dushanba kuni X sahifasida.
«Afsuski, olti nafar tinch aholi, jumladan bir ayol halok bo‘ldi, yana 13 nafari yaralandi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Hozircha hech bir guruh holat bo‘yicha javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. Tergov ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika maxsus kuchlari markazida portlash yuz bergan edi.