Yangiliklar

O‘zlashtirishi yuqori talabalarga foizsiz ta’lim kreditlari beriladi

Moliyaviy mustaqil oliygohlar har yili kamida 1 mlrd so‘mlik grant e’lon qiladi
Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev har bir kambagʻal oilada, ayniqsa, xotin-qizlardan kamida 1 nafari oliy ma’lumotli boʻlishi uchun sharoit yaratilishi bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, kamida 80 foiz oʻzlashtirish koʻrsatkichiga ega oliygoh, kollej va texnikum talabalariga keyingi oʻquv yili uchun foizsiz ta’lim krediti taqdim etiladi.

Shu bilan birga, oliygoh, kollej yoki texnikumga kirishda grant uchun yetarli ballning 80 foizini toʻplagan kambagʻal oila farzandlariga qoʻshimcha grantlar ajratiladi.

Shuningdek, moliyaviy mustaqil boʻlgan oliygohlarning har biri yiliga kamida 1 mlrd soʻmlik grant e’lon qiladi. Ushbu grantlar oʻzlashtirishi yuqori bo‘lgan kambagʻal oila farzandlarining kontraktini 20 foizdan 80 foizgacha qismini qoplashga ajratiladi.

Kambagʻal oilalar farzandlarini bogʻcha, maktab, texnikum va oliygohlarda sifatli ta’lim olishini tashkil qilish, ularga har tomonlama koʻmak berish masalalarini muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.