Qozogʻistonda xorijliklarni deportatsiya qilish qoidalari oʻzgarishi mumkin
Qozogʻiston mamlakatning migratsiya qonunchiligini buzgan xorijliklarni chiqarib yuborish qoidalarini soddalashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda IIV Migratsiya politsiyasi qoʻmitasi raisi Aslan Atalikov ma’lum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, respublikada migratsiya nazoratini kuchaytirishga qaratilgan tuzatishlar paketi muhokama qilinmoqda.
«Bu xorijliklarni roʻyxatga olish institutiga qaytish boʻlib, Qozogʻistonda 30 kundan ortiq qolish niyatida boʻlgan xorijliklarga taalluqlidir. Soxta roʻyxatga olish uchun maʼmuriy javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan tuzatishlar tayyorlanmoqda», dedi Atalikov.
Qozogʻiston Ichki ishlar vazirligi xorijliklarni deportatsiya qilishning amaldagi tartibini murakkab deb hisoblaydi. Immigratsiya qonunlarini qasddan buzgan qoidabuzarlar tezroq deportatsiya qilinishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozogʻistonda 12 yoshdan jinoiy javobgarlikka tortish taklif qilingani haqida xabar bergan edi.