Marburg virusi tarqalishi sabab Qozog‘istonda epidemiologik vaziyat ustidan nazorat kuchaytirildi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Mamlakat sanitariya bosh vrachi Sarxat Beysenovaning so‘zlariga ko‘ra, kasallikning respublikaga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida xalqaro aeroportlarda, davlat chegarasida sanitariya-karantin nazorati amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun, kasallikning klinik belgilari virus yuqqandan keyin 2 – 21 kun ichida namoyon bo‘ladi. Kasallikning asosiy simptomlari isitma, tomoq og‘rig‘i, toshma, qorin og‘rig‘i, burun va ko‘zdan qon ketishi kuzatilishi mumkin.
«Marburg – xavfli virus hisoblanadi. Ushbu virus filoviruslar turiga kiradi. Virusning tabiiy tashuvchilari ko‘rshapalaklar bo‘lib, ular bu kasallikni simptomlarsiz o‘tkazadi, ammo odamlar uchun xavfli. Virus odamga bevosita aloqa orqali yuqadi. Zarar ko‘rgan teri yoki shilliq qavat orqali kasallik yuqtirilishi mumkin. Shuningdek, virus bilan kasallangan odamning to‘shak yoki kiyimi kabi narsalar bilan aloqada bo‘lish orqali ham yuqishi mumkin», – deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozogʻiston maymunchechak tufayli chegara va aeroportlarda nazorat choralarini kuchaytirilgani haqida xabar bergan edi.