O‘zbekiston Markaziy banki firibgarlikka qarshi kurashish maqsadida onlayn kreditlarni berish bo’yicha yangi vaqtinchalik talablarni joriy etdi. Qoidalar 2024-yil 1-noyabrdan kuchga kiradi va 2025-yil 1-apreligacha amal qiladi. Kursiv Uzbekistan nashri bank vakillaridan bu onlayn kreditlash bozoriga qanday ta’sir qilishini so‘radi.
Endi fuqaro birinchi marta bank ilovasida ro‘yxatdan o‘tganda yoki yangi qurilmadan kirganda, uning onlayn operatsiyalari uchun bir qator cheklovlar joriy etiladi. Kredit olingan paytdan boshlab 48 soat davomida P2P-to‘lovlar, boshqa hisoblar va elektron hamyonlarga o‘tkazmalar, mobil balansni to‘ldirish, xalqaro pul o‘tkazmalari va valyuta ayirboshlash taqiqlanadi. Bu cheklovlarni olib tashlash uchun mijoz telefon orqali kredit firibgarlar ishtirokisiz olinganini tasdiqlashi kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, kredit mablag‘larini naqdlashtirish va tovarlar hamda xizmatlar uchun to’lov qilish imkoniyati cheklanmaydi.
Bank sohasi vakillari bu yangiliklarni ijobiy baholadilar. Mybank boshqaruv raisi Ulug‘bek Tavakkalovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda onlayn kreditlash 2019-yildan faol rivojlanmoqda. Bunga mikroqarzlarning joriy etilishi, hisobotlarni raqamlashtirish va banklarning mobil ilovalari yaratilishi turtki bo‘lgan.
«Operatsiyalar keskin o‘sishi natijasida, banklarda muammoli kreditlar ko‘payishni boshladi, firibgarlikning tarqalishi esa buning asosiy sabablaridan biri bo‘ldi», — deya ta’kidladi Tavakkalov.
Mybank vakili MBning chorasi o’z vaqtida joriy etilganini bu banklar hamda mijozlarni himoya qilishga yordam berishini aytdi.
Apex Bank boshqaruv raisi Baxrom Nu’monov ham yangi qoidalarni qo‘llab-quvvatlab, onlayn kreditlar koʻpaygani sabab mijozlar va banklar uchun xatarlar ortib borayotganini ta’kidladi. Uning so’zlariga ko‘ra, kreditlar bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonining avtomatlashtirilishi firibgarlarni aniqlashni qiyinlashtiradi. Markaziy bankning yangi talablari ana shunday xatarlarni kamaytirish va kredit berish jarayonini xavfsiz qilishga qaratilgan.
«Bu choralar bozorga salbiy ta’sir qiladimi? Agar masalani to‘g‘ri va ehtiyotkorlik bilan hal qilinsa, men ishonamanki, bozor bundan zarar ko‘rmaydi. Aksincha, bunday qadamlar nazoratni kuchaytiradi va bank mijozlarining huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi, bu esa oxir-oqibat moliyaviy tizimga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi», — deya ishonch bildirdi Baxrom Nu’monov.
Ulug‘bek Tavakkalovning fikricha, qo‘shimcha himoya choralari ham zarur: kreditlash jarayonida risk menejment va aloqa markazning rolini oshirish kerak.
«Banklar mijozlar bilan «ishonchli» qurilmalar orqali muloqot qilishi lozim. Agar kredit arizasi notanish qurilma yoki raqamdan kelib tushsa, mijozni qo‘shimcha tekshirish zarur: aloqa markaz orqali verifikatsiya, raqamli biometrik identifikatsiya o‘tkazish va vaqtincha moliyaviy operatsiyalarni cheklash kerak», — deb aytdi Mybank vakili.
Tavakkalov, shuningdek, daromadlarni aniqlashda yangi yondashuv zarurligini ta’kidladi. Soliq va majburiy to‘lovlarning hisoblangan summasiga emas, balki real to‘langan soliq va badallarga e’tibor qaratish kerak, bu qarz oluvchining moliyaviy holatini aniqroq baholash imkonini beradi. Shuningdek, bank rahbari qo‘shimcha verifikatsiya ham kerak deb hisoblaydi. Do‘konlarda bo‘lib to‘lashni rasmiylashtirishda hamkorlik dasturlari doirasida konsultantlarning ishtiroki talab etiladi, ular arizani qo‘shimcha tasdiqlashlari kerak. Mijozning mavjud kredit tarixini tahlil qilishga ko‘proq e’tibor qaratish kerak, bu uning to‘lov qobiliyatini aniqroq baholashga va bank uchun xavflarni kamaytirishga yordam beradi.
Ta’kidlash joizki, Oʻzbekistonda kredit mablagʻlari bilan bogʻliq firibgarlik holatlari bir yildan ortiq vaqtdan beri faol tarqalmoqda. 2023-yilda Kursiv Uzbekistan firibgarlar uchta bankda fuqaro nomiga 53,6 million so‘mlik kreditlar rasmiylashtirib, mablag‘larni o‘zlashtirib olgan holat haqida xabar bergan edi.
Markaziy bank ma’lumotlariga koʻra, 2024-yilning uch choragida onlayn kreditlar boʻyicha 463 ta firibgarlik holati qayd etilgan boʻlib, bu taxminan 15 milliard soʻm miqdorida moddiy zarar keltirgan. Jinoyatchilar boshqa fuqarolar nomiga kredit olish uchun ijtimoiy muhandislik va raqamli texnologiyalardan foydalanib, soʻng mablagʻlarni P2P oʻtkazmalari orqali oʻzlashtirishgan.