Markaziy bank raisining yangi oʻrinbosari tayinlandi
Prezident farmoni bilan Olimov Abror Mirzo Muhammadqosimovich Markaziy bank raisining oʻrinbosari etib tayinlandi. Bu haqda regulyator matbuot xizmatida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, o‘rinbosarning zimmasiga bir qator vazifalar yuklatildi. Xalqaro hamkorlik, valyutani tartibga solish, xalqaro zahiralarni boshqarish, qimmatbaho metallarni saqlash va ular bilan ishlash, moliya-iqtisodni yuritish hamda Valyuta birjasi faoliyatiga rahbarlik shular jumlasidandir.
Ma’lumot uchun, Abror Olimov 1988-yilda tugʻilgan bo‘lib, 2010-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavr, 2012-yilda magistratura bosqichini tamomlagan. 2020-yilda Xitotsubashi universitetining (Yaponiya) magistratura bosqichini tamomlagan. U shu kunga qadar MB Valyutani tartibga solish va toʻlov balansi departamenti direktori lavozimida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda transport vaziri tayinlangan edi.