26-oktabr kuni Qibray tumanida noma’lum shaxslar Komil Allamjonovning «Range Rover» rusumli avtomashinasiga qarata o‘q uzganlardan biri huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan hibsga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, 26-oktabr kuni taxminan soat 01:40 larda 2 nafar noma’lum shaxslar mazkur avtomashinaga o‘qotar qurolidan bir necha marotaba o‘q uzib, noma’lum tomonga yashirinishgan edi.
Bosh prokuratura qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish va o‘qotar quroldan qonunga xilof ravishda foydalanish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Prokuratura va IIV xodimlaridan iborat tergov-tekshiruv guruhi tuzildi.
Komil Allamjonov 1984-yili tug‘ilgan. U O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini 2006-yilda va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini 2010-yilda tamomlagan.
2020 − 2022-yillarda Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash fondi vasiylik kengashi raisi sifatida faoliyat olib borgan.
2018-yil noyabridan prezident administratsiyasi huzuridagi axborot va 2019-yilda ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori sifatida ishlagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Donald Trampning Kaliforniyadagi saylovoldi chiqishi paytida qurolli shaxs qoʻlga olingani haqida yozgan edi.