Yangiliklar

O‘zbekistonning Shveysariyadagi elchisi tayinlandi

U mamlakat prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Foto: «Dunyo» axborot agentligi

Dilshod Axatov O‘zbekistonning Shveysariyadagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, elchi (qarorgohi Berlin shahrida) 25-oktabr kuni Shveysariya prezidenti Viola Amerdga o‘zining ishonch yorliqlarini topshirgan.

Uchrashuv davomida Shveysariya prezidenti tomonidan hukumat O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

«Davlat rahbari O‘zbekiston va Shveysariya iqtisodiyoti o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta salohiyatga ega ekanini bildirdi», – deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Dilshod Axatov 2023-yilning oktabr oyida O‘zbekistonning GFRdagi elchisi sifatida Germaniya Federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oybek Usmonov Afgʻonistonga elchi etib tayinlangani haqida xabar bergan edi.