Oʻzbekistonda deputatlar saylovi natijalari e’lon qilindi
27-oktabr kuni boʻlib oʻtgan parlament saylovida roʻyxatga olingan saylovchilarning 74,72 foizi ovoz berdi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxoʻjayev ma’lum qildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovida roʻyxatga olingan saylovchilarning 74,72 foizi, ya’ni 19 million 944 mingdan ortiq saylovchilarning 15 million 27 ming 527 nafari ovoz berdi.
Saylov natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi 34,75 foiz ovoz to‘pladi va yetakchilik qildi. Unga 5,1 mln saylovchi ovoz berdi. «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi — 18,82 foiz (2,8 mln nafar saylovchi), O‘zbekiston Ekologik partiyasi — 13,12 foiz (1,9 mln saylovchi), O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi — 17,11 foiz (2,5 mln nafar saylovchi), «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi — 16,20 foiz (2,4 mln saylovchi).
Bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha esa O‘zLiDeP 38 ta, «Milliy tiklanish» 15 ta, Ekopartiya 6 ta, XDP 7 ta va «Adolat» 9 ta o‘ringa ega bo‘ldi.
Partiyalarning Qonunchilik palatasidagi umumiy soni esa quyidagicha bo‘ldi:
- O‘zLiDeP — 64 ta;
- «Milliy tiklanish» — 29 ta;
- «Adolat» — 21 ta;
- XDP — 20;
- Ekopartiya — 16 ta.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nomzodlarni koʻrsatish va roʻyxatga olish jarayoni boʻyicha uchta ariza kelib tushgani haqida xabar bergan edi.