BYD kompaniyasi oktabr oyida 502,6 mingta mashina sotdi. Kompaniyaning 10 oylik umumiy natijasi 3,24 million avtomobilga yetdi. Bu haqda kompaniya Facebook sahifasida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, kompaniya 2024-yilning dastlabki uch choragida yangi avtomobillar bozorining deyarli 15 foizini egallagan.
Ma’lumot uchun, (502,6 mingta) bu korporatsiyaning barcha bo‘linmalarining umumiy savdo natijalari yig‘indisi bo‘lib, ushbu hisobga BYD, Denza, Fang Cheng Bao va YangWang tijorat va yo‘lovchi brendlarining bozor natijalari ham kiritilgan.
Shuningdek, sotilgan avtomobillarning asosiy qismi BYD brendidan iborat bo‘lib ushbu brend ostida avtomobillarni 483 ming nafardan ziyod mijoz xarid qilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 66,9 foizga ko‘pdir.
Bundan tashqari, Denza avtomobillaridan 10,7 ming dona sotilgan. Fang Cheng Bao’ning krossoverlari 6 mingdan ziyod, YangWang brendida esa 282 tasi o‘z egalarini topgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD choraklik daromad bo‘yicha Tesla’ni ortda qoldirgani haqida xabar bergan edi.