Yangiliklar

Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyada nimalar aks etadi

Ushbu buyruq 2024-yil 6-dekabrdan kuchga kiradi
Foto: ilixe48/Depositphotos

Manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabarnoma, deklaratsiya va manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestrining namunaviy shakllari tasdiqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining buyrug‘i e’lon qilindi.

Mazkur buyruqda deklaratsiya, xabarnoma shakllariga hamda reyestrga qo‘yiladigan talablar qayd etilgan hamda ularning namunaviy shakllari e’lon qilindi.

Misol uchun, xabarnoma shaklida xodimlar o‘z pasport ma’lumotlari, PINFL, ism-sharifi va yaqin qarindoshlarining boshqa ma’lumotlarini, yuridik shaxslar to‘g‘risidagi axborotni va manfaatlar to‘qnashuvi haqida ma’lumotni ko‘rsatishlari kerak.

Shuningdek, deklaratsiya shaklida xodimlar yuqorida sanab o‘tilgan ma’lumotlar bilan birga, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi haqida ham ma’lumot berishlari zarur.

Manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestri, manfaatlar to‘qnashuvini hal qilish uchun amalga oshirilgan choralar haqida ma’lumotni o‘z ichiga olishi lozim.

Ushbu hujjat «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun asosida davlat organlari, davlat muassasalari, davlat unitar korxonalari va davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘p bo‘lgan aksionerlik jamiyatlarini qamrab oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonunni imzolagani va ushbu qonun imzolangan vaqtdan boshlab olti oydan so‘ng kuchga kirishi haqida xabar bergan edi.