Oʻzbekistonda yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 5,7 foizga oshdi
Oktabr oyida Oʻzbekistonda 7,5 mingta yakka tartibdagi tadbirkor roʻyxatdan oʻtgan. Bu haqda Soliq qoʻmitasi axborot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning yanvar – oktabr oylari yakunlariga koʻra, tashkil etilgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 5,7 foizga oshib, 138,2 mingtani tashkil etdi.
Ro‘yxatdan o‘tganlar orasida savdo, maishiy xizmat koʻrsatish va hunarmandchilik sohalaridagi tadbirkorlar faol bo‘ldi. 2024-yilning oʻn oyida yangi tashkil etilgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning 52 foizi ushbu faoliyat turlariga toʻgʻri keldi.
Oktabr oyida yakka tartibdagi tadbirkorlarning umumiy sonida ayol tadbirkorlarning ulushi 43,7 foizdan 42,9 foizga kamaydi. Umumiy hisobda esa 1,5 ming kishiga kamaydi.
2024-yil 1-noyabr holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 299 ming yakka tartibdagi korxona faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, ularning 46 foizi 2024-yil boshidan buyon tashkil etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yanvar – sentabr oylarida Oʻzbekistonda yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 86,8 foizga oshgani haqida yozgan edi.