Yangiliklar

Navoiy kon-metallurgiya kombinati texnogen chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha yirik zavodni kengaytirmoqda

Quvvatini yiliga 25 million tonnagacha oshiradi
Foto: NKMK matbuot xizmati

Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) №7 Gidrometallurgiya zavodi texnogen chiqindilarning qayta ishlash quvvatini yiliga 25 million tonnagacha oshiradi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, zavodda to‘rtta yangi tegirmon majmuasi qurilishi boshlandi. Ularning har biri har yili 2,5 million tonna texnogen chiqindilarni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. Hozirda korxonada oltita shunday tegirmon faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ma’lum qilinishicha, zavodning kengaytirilishi va chiqindilardan qimmatbaho materiallar olinishi kompaniyaga ruda qazib olish va tashish xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi.

Bundan tashqari, tegirmonlarning qurilishi kombinatning ESG-strategiyasiga (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) mos keladi. Chiqindilarni qayta ishlash NKMK faoliyatining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytiradi va cheklangan tabiiy resurslardan samaraliroq foydalanish imkonini beradi.

Korxonani kengaytirish uchun zarur uskunalar Navoiy mashinasozlik zavodi (NMZ) va Zarafshon ta’mirlash-mexanika zavodida ishlab chiqariladi.

Ma’lumot uchun, 2023-yil yakunlariga ko‘ra, №7 Gidrometallurgiya zavodi 15,8 million tonna texnogen chiqindilarni qayta ishlagan bo‘lib, bu O‘zbekistondagi eng yirik shunday korxona hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan NKMK $1 milliardlik xalqaro obligatsiyalarni chiqargani haqida xabar bergan edi.