Abdulla Avloniy nomidagi O‘qituvchilarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarni o‘rgatish milliy ilmiy-tadqiqot instituti hamda Yandex Uzbekistan hamkorligida O‘zbekiston informatikasi o‘qituvchilari uchun bepul kurslar ishga tushirildi. Bu haqda kurs asoschilari Kursiv Uzbekistan nashriga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu kurslar o‘qituvchilarga neyrotarmoqlar haqida bilim olish va Python dasturlash asoslari bilan tanishish imkonini beradi.
Kurslar nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi. Bu esa Python dasturlash tilini bilmagan o‘qituvchilar uchun ham materialni tezda o‘zlashtirishga va uni darhol o‘z darslarida qo‘llashga imkon yaratadi. Ushbu o‘quv dasturi Yandex mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan va o‘qituvchilarning uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimining bir qismiga aylangan.
Kurslar bepul bo‘lib, vaqti cheklovlarsiz. O‘quv materiallari ishtirokchilar ixtiyorida qoladi va ularda Python asoslari, jumladan, obyektga yo‘naltirilgan dasturlash haqida ma’lumot beruvchi oltita bo‘lim mavjud. Har bir o‘qituvchi o‘z ishiga mos bo‘lgan mavzular va mashqlarni tanlash imkoniga ega.
«Biz uchun IT sohasida O‘zbekiston aholisi uchun yangi imkoniyatlar yaratish muhim. Shuning uchun dasturlash maktablari, amaliyot dasturlari va intensivlarni ishga tushiryapmiz. Ushbu yangi kurslar ko‘plab o‘qituvchilar uchun zamonaviy va sifatli materiallarga qulay kirishni ta’minlaydi», – deydi Yandex Uzbekistan rahbari Izzat Shukurov.
Kurslar onlayn formatda o‘tkaziladi. Bu esa ishtirokchilarga ish jarayonidan chalg‘imasdan, o‘zlari uchun qulay sur’atda ta’lim olish imkoniyatini beradi. Dastur yakunida ishtirokchilar Python dasturlash bo‘yicha qo‘shimcha materiallarga va bolalar uchun tayyorlangan, avtomatik tekshiruv tizimi bilan jihozlangan vazifalarga ega bo‘lishadi. Bularning barchasi o‘quv jarayoniga oson integratsiya qilinishi mumkin.
«Yandex Uzbekistan bilan hamkorlik zamonaviy ta’lim usullarini joriy qilish va pedagoglar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga yordam beradi. Bu nafaqat o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishiga, balki ta’lim tizimini modernizatsiya qilishga ham katta hissa qo‘shadi», – deya ta’kidlaydi Milliy ilmiy-tadqiqot instituti rektori Abduvali Ismoilov.
Ushbu loyiha O‘zbekiston ta’lim tizimini zamonaviylashtirish, shuningdek, kelajakda raqamli sohalarda muvaffaqiyatga erishadigan yangi avlodni shakllantirishni maqsad qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yandex Maps ilovasiga Oʻzbekistonning diqqatga sazovor joylarining 3D modeli qoʻshilgan edi.