So‘nggi paytlarda Toshkent aeroportiga ishga joylashish bilan bog‘liq bir nechta firibgarlik holatlari qayd etildi. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, firibgarlar fuqarolarga ma’lum miqdorda pul evaziga ishga joylashtirishni va’da berib, keyinchalik aloqa uzilgan.
Uzbekistan Airports kompaniyasi bu borada rasman bayonot berib, barcha ishga qabul qilish jarayonlari faqat elektron tanlov tizimi orqali amalga oshirilishini ma’lum qildi. Bu tizim shaffoflikni ta’minlab, firibgarlikdan himoya qiladi. Hozirgacha elektron platforma orqali 284 ta ish o‘rniga tanlov o‘tkazilib, 218 nafar xodim ishga qabul qilingan.
Fuqarolar bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotni faqat rasmiy manbalardan olishlari lozim. Ma’lumotlar kompaniyaning rasmiy sayti vacancyuzairports.uz yoki Telegram kanali t.me/vacancyuzairports orqali taqdim etiladi. Kompaniya shubhali uchinchi shaxslarning takliflaridan ogohlantirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Air Samarkand Vyetnamning Fukuok oroliga yangi reysni yo‘lga qo‘ygan edi.