Askiya bozori E-auksion platformasida sotuvga chiqarildi
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan Askiya bozori hududi va binolari E-auksion platformasida sotuvga qo‘yildi.
Maydoni 1,83 gektarni tashkil qiluvchi bozorning 0,68 gektar qismi binolar bilan band. Auksion 20-dekabr kuni soat 10:00 da boshlanadi, boshlang‘ich narx 214,85 milliard so‘m qilib belgilangan.
Lot tarkibiga binolar va yer uchastkasidan foydalanish huquqi kiradi. Binolarning narxi 9 milliard so‘m, yerning qiymati esa 180 milliard so‘mni tashkil etadi.
Sotib oluvchi bozorni rekonstruksiya qilish majburiyatini oladi, bunda bozorda savdo faoliyati davom ettirilishi shart. Yangi loyiha zamonaviy savdo majmuasini, kamida 3 ming kvadrat metr maydonda ekobozor, 1,2 ming kvadrat metrli sovutgich ombor va 400 ta avtomobil uchun avtoturargoh qurilishini o‘z ichiga oladi.
Rekonstruksiya yakunida investor 42 sotix maydonda ekobozor, ombor va avtoturargohni aksiyadorlarga topshirishi lozim. Qolgan 1,4 gektar maydon esa investorning ixtiyorida qoladi.
Loyihani boshlashdan oldin, investor Toshkent shahar hokimiyati bilan bosh reja bo‘yicha kelishuvga erishishi kerak. Bozor hududidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozori maxsus ekobozor zonasiga ko‘chirilguniga qadar o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Shuningdek, investor hududdagi xususiy mulk egalari bilan kelishuvga erishib, ularga kompensatsiya to‘lash yoki teng qiymatdagi maydonlarni ajratish majburiyatini oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Uz Chasys»ning ustav kapitalidagi davlat ulushi sotuvga qo‘yilgani haqida yozgan edik.