Yangiliklar

Masato Kanda Osiyo Taraqqiyot Banki prezidenti etib saylandi

OTB
U 2025-yil 24-fevralda lavozimga kirishadi
Foto: OTB axborot xizmati

Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) boshqaruv kengashi Masato Kandani OTBning 11-prezidenti etib bir ovozdan sayladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.

59 yoshli janob Kanda hozirda Yaponiya bosh vaziri va moliya vaziriga maxsus maslahatchi sifatida faoliyat yuritmoqda. U 2025-yil 24-fevralda lavozimga kirishadi va 2025-yil 23-fevralda lavozimidan ketadigan Masatsugu Asakawaning o‘rnini egallaydi.

«Janob Kandaning xalqaro moliya bo‘yicha keng tajribasi va ko‘p tomonlama platformalarda ishonchli rahbarligi OTBga global iqtisodiy muammolarni hal qilishda va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda yaxshi xizmat qiladi», – dedi OTB boshqaruv kengashi raisi Fabio Panetta.

Taxminan 40 yillik tajribaga ega bo‘lgan janob Kanda Yaponiya Moliya Vazirligida, shu jumladan Xalqaro ishlar bo‘yicha Moliya vazirining o‘rinbosari lavozimlarida muhim rahbarlik rollarini bajarib kelgan.

Shuningdek, u moliya sektori siyosati va makro-fiskal siyosat bo‘yicha keng tajribaga ega, Moliya xizmatlari agentligida o‘rinbosar, Budjet boshqarmasida direktor o‘rinbosari va Siyosatni rejalashtirish va koordinatsiya bo‘yicha vazir o‘rinbosar lavozimlarida ishlagan.

Janob Kanda 1987-yilda Tokio universitetini huquqshunoslik bo‘yicha bakalavr darajasi, 1991-yilda esa Oksford universitetini iqtisodiyot bo‘yicha M.Phil darajasi bilan tamomlagan.

Ma’lumot uchun, OTB 1966-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 69 a’zo davlat tomonidan boshqariladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan OTB O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlash uchun $250 mln ajratishi haqida xabar bergan edi.