P2P transchegaraviy pul o‘tkazmalari bir yil ichida 52% ga oshdi
2024-yilning yanvar-oktabr oylarida Oʻzbekistonga jismoniy shaxslarning bank kartalariga toʻgʻridan-toʻgʻri pul oʻtkazmalari (P2P) hajmi $4,9 milliardga yetib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 52% ga oshdi. Bu oʻtkazmalar transchegaraviy pul oʻtkazmalari umumiy hajmining 39% ini tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 4 foiz punktga oʻsgan, deb xabar bermoqda Markaziy bank.
Raqamli toʻlov infratuzilmasining rivojlanishi va foydalanish qulayligi P2P oʻtkazmalarni eng tez rivojlanayotgan kanalga aylantirdi. Bunday tranzaksiyalar soni bir yilda 46% ga ortib, 59 million operatsiyani tashkil etdi.
2024-yilning oʻtgan 10 oyida Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalari umumiy hajmi $12,6 milliardni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 34% ga koʻpaydi. Mablagʻlar asosan Rossiyadan kirib kelgan boʻlib, umumiy pul oʻtkazmalari hajmining 78% ini yoki $9,8 milliardni tashkil etdi. Qolgan mablagʻlar asosan Qozogʻiston ($699 million), AQSH ($470 million) va Janubiy Koreya ($458 million) kabi davlatlardan kelgan.
«2024-yilning oʻtgan davri mobaynida Oʻzbekistonga xalqaro pul oʻtkazmalari hajmida kuzatilgan oʻsish trendi asosan mehnat muhojirlarini qabul qiluvchi asosiy hamkor mamlakatlarda iqtisodiy faollik va ish haqi miqdorining oshishi hamda rivojlangan mamlakatlarga mehnat migratsiyasi oqimi koʻlamining koʻpayishi bilan izohlanadi. Misol uchun, internet platformalaridagi maʼlumotlarga koʻra, Rossiyada mehnat muhojirlari faoliyat yuritadigan asosiy sohalarda taklif qilinayotgan ish haqi miqdori oʻrtacha 38 foizga oshgan», – deyiladi MB xabarida.
2024-yil boshidan buyon chet elda rasmiy ishga joylashtirilgan Oʻzbekiston fuqarolari soni 113 ming kishini tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 3,6 baravar koʻpaygan.
P2P oʻtkazmalardan tashqari, anʼanaviy xalqaro pul oʻtkazma tizimlari orqali $7 milliard (+19%) oʻtkazilgan, SWIFT orqali esa oʻtkazmalar hajmi 2,4 baravar oshgan va $650 millionni tashkil etgan.
Kursiv avvalroq 2027-yilga borib Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalari hajmi $20 milliardga yetishi mumkinligini maʼlum qilgan edi. Pul oqimlarining yillik oʻsishi 10-15% ni tashkil qiladi.