Bugun, 3-dekabr kuni Toshkentning «Paxtakor» klubi Elita Chempionlar ligasi 6-turidan o‘rin olgan bahsda Birlashgan Arab Amirliklarining «Al-Ayn» klubini qabul qiladi. Kursiv Uzbekistan futbol eksperti Alisher Nikimbayev bilan o‘yin natijasi haqida suhbatlashdi.
Ekspert umumiy hisobda «Paxtakor» uchun vaziyatni qulay deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra «Al-Ayn» joriy mavsumda sust o‘yin olib bormoqda.
«Ular nafaqat Chempionlar ligasida, balki barcha musobaqalarda juda ko‘p gol o‘tkazib yubormoqda. Bu muammo boshidanoq, avgust – sentabr oylaridan beri sezilayotgan edi va «Al-Ayn» buni haligacha hal qilgani yo‘q. Hatto ular Yangi Zelandiyaning «Oklend» jamoasi bilan o‘ynab, qit’alararo kubokda 6:2 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, o‘z maydonlarida Yangi Zelandiya klubidan ikkita gol o‘tkazib yuborishlari ko‘p narsadan darak beradi», – dedi Nikimbayev.
Shu bilan birga, ekspertning fikriga ko‘ra, o‘yinda «Paxtakor»ga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan tizimli muammolar ham mavjud.
«Klub o‘tgan yilga nisbatan kuchsiz tarkibda o‘ynayapti. Ehtimol, Cheran va Sobirxo‘jayev bugungi o‘yinda ishtirok etmaydi, chunki ular Shatskiy qaytganidan buyon bir necha o‘yindan beri asosiy tarkibda emas. Shuning uchun “Paxtakor» «Al-Ayn»dan ko‘ra o‘ziga ko‘proq muammo yaratishi mumkin”, – dedi Nikimbayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto durang ham jamoaga uning guruhdan chiqish imkoniyatini beradi, sababi oldinda yana ikkita qiyin bo‘lmagan o‘yin bor. Fevral oyida Qatarning «Al-Garafa» jamoasiga qarshi safarda, «Al-Sadd»ga qarshi uyda o‘yin o‘tkazadi. «Al-Garafa» kecha o‘zining guruhdan chiqish vazifasini hal qildi, shuning uchun «Paxtakor» kamida to‘rt ochko olishi mumkin.
Lekin klub bugun mavsumni yakunlab, futbolchilarni ta’tilga jo‘natsa, fevral oyining birinchi o‘yiniga tayyorgarlik ko‘rish uchun bir oydan kamroq vaqti qolishini qo‘shimcha qildi ekspert.
«Umid qilamizki, “Paxtakor» bugun g‘alaba qozonadi, lekin birinchi navbatda, ular o‘zini yengib, «Al-Ayn»ni yengishlari kerak”, – dedi Nikimbayev.
Eslatib o‘tamiz, «Paxtakor» – «Al-Ayn» o‘yini bugun soat 19:00 da Toshkentdagi «JAR» stadionida bo‘lib o‘tadi.