Rossiyaning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyasi 17 foizga oshdi
Rossiya joriy yilning yanvar – sentabr oylarida Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalarini 17 foizga koʻpaytirdi. Bu ma’lumotni mamlakat bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Denis Manturov hukumatlararo komissiya yigʻilishida e’lon qildi.
Manturovning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda Rossiya sarmoyasi ishtirokidagi uch mingdan ziyod korxonalar faoliyat yuritmoqda.
Rossiyalik bosh vazir oʻrinbosarining qoʻshimcha qilishicha, Rossiya Oʻzbekistonga don, goʻsht va qandolat mahsulotlari yetkazib berishni ham koʻpaytirishga tayyor.
Oʻzbekiston Statistika agentligi ma’lumotlariga koʻra, ikki davlat oʻrtasidagi tovar aylanmasi toʻqqiz oy ichida $8,6 milliarddan oshib, yillik oʻsish 22,8 foizni tashkil etdi. Mamlakatimiz $2,8 milliardlik, Rossiya esa $5,8 milliardlik mahsulot yetkazib berdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyaning Oʻzbekistonga gaz yetkazib berishni koʻpaytirish niyati haqida xabar bergan edi.