Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda 460 ming kishi tibbiy yordamga, 6 mingdan ortiq oila esa uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj ekani qayd etildi. Shu sababli 2025-yilda kam ta’minlangan oilalar uchun jarrohlik amaliyotlarini moliyalashtirish maqsadida Tibbiy sug‘urta jamg‘armasidan qo‘shimcha 185 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilmoqda.
«Ijtimoiy daftarlardan» ajratilgan mablag‘lar faqat kam ta’minlangan oilalarning yashash sharoitlarini yaxshilash, sog‘liqni saqlash va ta‘lim xizmatlarini ko‘rsatish hamda daromadlarini oshirishga yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘lar adolatni ta’minlash maqsadida tumanlardagi kam ta’minlangan oilalar soniga qarab taqsimlanadi.
Bundan tashqari, mablag‘larning 30 foizini tuman hokimlari «Inson» markazlari bilan birgalikda mahallalardagi uy-joy, yo‘l, suv va elektr ta‘minotini yaxshilashga sarflash uchun ishlatishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, 400 ta ko‘p qavatli ijtimoiy uyda istiqomat qilayotgan 25 ming aholining yaqin qarindoshlardan uzoqlashayotgani va odatdagi yashash sharoitlaridan mosuvo bo‘layotgani qayd etildi. Endilikda ehtiyojmand oilalarni bitta ijtimoiy uy-joyga joylashtirish amaliyotidan voz kechilib, ularga mahallalariga yaqin hududlardan uy ijaraga olish imkoniyati beriladi va ijara xarajatlari qoplanadi.
Ushbu jarayon uchun mas’uliyat Ijtimoiy himoya agentligi direktori Mansurbek Olloyorovga yuklatildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezidentning ijtimoiy obyekt loyihalari nogironlar ehtiyojlariga moslashmaganligini tanqid qilgani haqida xabar bergan edi.