Yangiliklar

Oʻzbekiston yengil sanoatiga $2 milliard sarmoya jalb etiladi

Ushbu sohada 25 ming ish o‘rni yaratiladi
Foto: whirligigtop / Pixabay

Oʻzbekiston yengil sanoatiga $2 milliard xorijiy sarmoya jalb etish rejalashtirilmoqda. Bu ko‘rsatkich davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Mazkur sohada 82 ta yirik loyiha amalga oshirilib, 25 ming ish o‘rni yaratiladi.

Shuningdek, respublika boshqa mamlakatlarga to‘qimachilik mahsulotlarini sotish hajmini $4 milliardga, charmni $250 millionga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Yig‘ilishda yengil sanoatning ishlab chiqarish hajmidagi ulushi 14 foiz, eksportdagi ulushi 16 foizni tashkil etishi ta’kidlandi.

Joriy yilning yanvar – noyabr oylarida respublika to‘qimachilik mahsulotlari eksportidan $2,6 milliard daromad oldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Rossiyaning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyalari hajmi 17 foizga oshgani haqida yozgan edi.