MobiUz xususiylashtirilishida yangi muddat belgilandi

MobiUzʼni xususiylashtirish boʻyicha investorlar uchun takliflar qabul qilish muddati uzaytirildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) ma’lum qildi.
Agentlikning ta’kidlashicha, endi savdo ishtirokchilar yaxshilangan majburiy takliflarini 20-aprel kuni soat 23:59 gacha (Toshkent vaqti bilan) qayta taqdim etishi mumkin. Bu qaror savdo jarayonida maksimal iqtisodiy samaraga erishish hamda raqobat muhitida eng maqbul natijani ta’minlash maqsadida qabul qilingan. Shu doirada ayrim parametrlar takomillashtirilishi mumkinligi qayd etildi.
Jarayon boʻyicha qoʻshimcha ma’lumotlar ishtirokchilarga xalqaro maslahatchilar – KPMG va Rothschild & Co orqali individual tartibda yetkaziladi. Agentlik xususiylashtirish jarayonining shaffofligini ta’minlash va jamoatchilikni muntazam xabardor qilib borishini ma’lum qildi.
Eslatib oʻtamiz, MobiUzʼni 100 foiz davlat ulushi bilan sotish boʻyicha ochiq savdolar 2025-yil iyun oyida boshlangan. Dastlab 15 nafar investor qiziqish bildirgan, keyinchalik 10 ta majburiy boʻlmagan taklif qabul qilingan. Maslahatchilar tavsiyasi asosida 7 nafar da’vogar yakuniy bosqichga oʻtkazilgan, ulardan 6 tasi majburiy takliflarini taqdim etgan.
Tahlil natijasida eng yuqori narx va qulay shartlarni taklif qilgan 3 nafar investor saralab olinib, ularga takliflarini yaxshilash uchun qoʻshimcha vaqt berilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan MobiUz aloqa operatoriga xakerlar hujum qilgani haqida xabar bergan edi.