Amerikaning Apple kompaniyasi 2025-yil 1-yanvardan boshlab Yevropa hududida iPhone SE 3 va iPhone 14 sotuvini toʻxtatishini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, bu Yevropa Ittifoqining yangi talablari bilan bogʻliq boʻlib, unga koʻra barcha elektron qurilmalar, shu jumladan, smartfonlar 2024-yil oxirigacha USB-C quvvatlash portlaridan foydalanishi kerak.
2022-yilda qabul qilingan qonun elektron chiqindilarni kamaytirish va zaryadlash qurilmalaridan foydalanishni soddalashtirishga qaratilgan. Biroq iPhone SE 3 va iPhone 14’da ishlatiladigan joriy Lightning razyomi yangi standartlarga mos kelmaydi, bu esa kompaniyani ushbu modellarni Yevropa bozoridan olib tashlashga majbur qildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Yevropa Apple uchun asosiy bozorlardan biri boʻlib, bunday qaror kompaniya daromadiga ta’sir qilishi mumkin.
Shu bilan birga, foydalanuvchilar uchun yaxshi yangiliklar ham bor. 2025-yil mart oyida Apple Yevropa standartlariga javob beradigan USB-C qoʻllab-quvvatlanadigan iPhone SE 4ʼni taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple 2024-yilning eng sara mobil oʻyinlari va ilovalarini e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.