Yangi yilni bayram dasturxonisiz tasavvur qilish qiyin. Kursiv Uzbekistan nashri «Korzinka» do‘konlar tarmog‘idagi narxlarni tahlil qilib, to‘rt kishidan iborat oila uchun Yangi yil dasturxoni qanchaga tushishini hisoblab chiqdi.
Salatlar va gazaklar
Go‘shtli gazaklar va Olivye kabi salatlar uchun 1 kg qaynatilgan va 1 kg dudlangan kolbasa, shuningdek, 500 gramm kurka go‘shti kerak bo‘ladi. 1 kg «Sherin» dudlangan kolbasa, 1 kg «Shaxskaya» qaynatilgan kolbasa va 700 gramm kurka uchun jami 236 ming so‘m ketadi.
Olivye va «Selyodka pod shuboy» salatlari tayyorlash uchun no‘xat va makkajo‘xori zarur. 400 grammlik Bonduelle no‘xati 20 ming so‘m, makkajo‘xori esa 17 ming so‘m turadi. Bundan tashqari, o‘n dona tovuq tuxumi 25 ming so‘mga, 800 grammlik «Maheev» mayonezi esa 35 ming so‘mga tushadi.
Shuningdek, salatga kerak bo‘ladigan oq kartoshkaning bir kilogramm narxi olti ming so‘m, piyoz to‘qqiz ming so‘m, sabzi yetti ming so‘m, lavlagi olti ming so‘m, pomidor 24 ming so‘m, bodring esa 30 ming so‘mni tashkil qiladi.
«Selyodka pod shuboy» uchun 500 gramm seld baliq (43 ming so‘m) va olma uksusi (5 ming so‘m) ham kerak bo‘ladi. Shuningdek, sous bilan birga 63 ming so‘m turadigan tovuq go‘shtini ham dasturxonga qo‘shish mumkin.
Salatlar va gazaklar uchun jami 526 ming so‘m sarflanadi.
Asosiy taom
Asosiy taom sifatida qozon kabob tayyorlash mumkin. Buning uchun 254 ming so‘mga 2 kg mol go‘shti xarid qilish, uni 40 ming so‘mlik 1 kg sariyog‘ida qovurish va 35 ming so‘mga ziravorlar, tuz hamda rozmarin olish kerak bo‘ladi. Bunday taomning umumiy qiymati 329 ming so‘mni tashkil qiladi.
Desert va ichimliklar
«Korzinka»da maxsus taklif mavjud: ikkita Coca-Cola (1,5 l), Sprite (1,5 l) va Fanta (1,5 l) – jami 42 ming so‘m. Yana ikki Montella gazlangan mineral suvini (1,5 l) 8 ming so‘mga xarid qilish mumkin. Ichimliklar uchun jami 50 ming so‘m kerak bo‘ladi.
Ozarbayjon olmasining bir kilogrammi 22 ming so‘m, kiviniki 29 ming so‘m, bananniki 20 ming so‘m, mandarin esa 25 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Ushbu barcha mahsulotlarni birgalikda 96 ming so‘mga xarid qilish mumkin.
Shokolad va shirinliklar orasida «Step» (86 ming so‘m/kg), MilkyWay (116 ming so‘m/kg) va «Ptichye moloko» (100 ming so‘m/kg) alohida ajralib turadi. 650 gramm pishiriqlar assortimentini 105 ming so‘mga olish mumkin. Mahalliy bozorlardagi tortlar 100 ming so‘mdan, qandolatchilar esa 200 ming so‘mdan buyurtma qabul qilmoqda.
Meva, shirinliklar va ichimliklar uchun jami 751 ming so‘m sarflanadi.
Umumiy hisob
Yangi yil dasturxoni uchun to‘rt kishidan iborat oila 1,6 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflaydi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yili Kursiv Uzbekistan to‘rt kishilik yangi yil dasturxonini bezash 460 ming so‘mga tushishini hisoblagan edi.