Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida «bulutli» ma’lumotlar markazlari ochiladi
Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt texnologiyalari va telekommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha rejalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, taqdimotda mamlakatimizda raqamli texnologiyalar sohasidagi yutuqlar va kelgusi rejalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasida mamlakatni mintaqaviy «IT-HUB»ga aylantirish vazifasi belgilangan. Shu maqsad yo‘lida raqamli texnologiyalar bosqichma-bosqich rivojlantirilmoqda. Hududlarda IT-parklar tashkil etilib, internet tezligi va qamrovi oshirildi. Shuningdek, 190 mingdan ortiq aholi ish bilan ta’minlandi, sohada $3 mlrd investitsiya o‘zlashtirildi. Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni sezilarli darajada oshdi va eksport hajmi $900 mlndan oshishi kutilmoqda.
Sun’iy intellekt texnologiyalari ham turli sohalarda qo‘llanilmoqda. O‘zbekiston bu borada xalqaro indeksda 17 pog‘onaga ko‘tarildi. Prezident qarori bilan 2030-yilgacha sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi. Ushbu strategiya doirasida dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmini oshirish, kadrlar salohiyatini kuchaytirish va texnik infratuzilmani kengaytirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda kelgusi yil uchun rejalashtirilgan yangi tashabbuslar ham ta’kidlandi. Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida «bulutli» ma’lumotlar markazlari ochiladi. Startaplarga sharoit yaratish maqsadida Toshkentda sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi. Shuningdek, davlat idoralari xodimlari va hokimlarning malakasi oshiriladi.
Telekommunikatsiyalar sohasida ham sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. Yil yakuniga ko‘ra, telekommunikatsiya xizmatlari hajmi 16 foizga oshdi. «O‘zbektelekom» kompaniyasining daromadi 9 trillion so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, yangi turdagi pochta xizmatlari orqali jo‘natmalar soni 50 foizga ko‘paydi.
Rejalarga ko‘ra, kelgusi yilda 6 mingta yangi tayanch stansiya qurilishi va 30 ming kilometr optik tolali kabellar tortilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, telekommunikatsiya sohasida eksport hajmini $1,2 mlrdga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekiston mobil aloqa xizmatlari aksiz soligʻidan ozod qilinishi haqida yozgan edik.