Yakuniga yetayotgan 2024-yil Oʻzbekiston sporti uchun bir qator yodda qolarli voqealarga boy boʻldi. Mamlakat sportchilari xalqaro arenalarda yorqin natijalar koʻrsatdi. Parijda boʻlib oʻtgan Olimpiada oʻyinlari, Oʻzbekiston mezbonlik qilgan futzal boʻyicha Jahon chempionati va boshqa yirik musobaqalar o‘tkazildi. Quyida Kursiv Uzbekistan oʻzbek sportida 2024-yilda sodir boʻlgan eng muhim voqeliklarni yodga oldi.
Rekordlar yangilangan Parij Olimpiadasi
2024-yilda toʻrt yillikning eng yirik musobaqasi – Olimpiada oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Fransiyaning Parij shahrida oʻtkazilgan mazkur katta turnirda Oʻzbekiston delegatsiyasi 75 ta yoʻllanma bilan ishtirok etib, 206 ta davlat orasida 13-oʻrinni egalladi va mamlakat tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi.
Umumiy hisobda mamlakat delegatsiyasi 13 medalga ega chiqdi. Diyora Keldiyorova (dzyudo), Ulugʻbek Rashitov (taekvondo), Hasanboy Doʻsmatov, Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev, Lazizbek Mullajonov, Abdumalik Xalokov, Bahodir Jalolov (boks), Razambek Jamalov (erkin kurash) oltin medallarni qo‘lga kiritdi. Akbar Joʻrayev (oʻgʻir atletika), Svetlana Osipova (taekvondo) mamlakat delegatsiyasiga kumush medallarni taqdim qildi. Muzaffarbek Toʻraboyev va Alisher Yusupov (dzyudo) hamda Gʻulomjon Abdullayev (erkin kurash) musobaqani kuchli uchlikda yakunlab, delegatsiyasi hisobini bronza medallari bilan boy etdi.
Yana bir tarixiy voqelik sifatida Oʻzbekiston tarixida ilk bor Olimpiya oʻyinlarida ayol sportchi oltin medalni qoʻlga kiritdi. Dzyudo boʻyicha bellashuvlarda qatnashgan Diyora Keldiyorova mazkur medalga ega chiqdi.
Olimpiada oʻyinlari gʻolib va sovrinlariga davlat tomonidan quyidagicha pul mukofotlari berildi: oltin medal uchun – $200 ming, kumush medal – $100 ming, bronza medali sohiblariga esa $50 ming miqdorida. Shuningdek, gʻolib va sovrindorlariga avtomobil hamda uy sovgʻa qilindi.
Oʻzbekiston ilk marta futbol musobaqalarida Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etdi
Joriy yilning aprel – may oylarida Qatar maydonlarida U23 Osiyo kubogi boʻlib oʻtdi. Musobaqaning ahamiyatli tomoni mazkur turnirga Olimpiada yoʻllanmasi tikilgan edi. Temur Kapadze boshchiligidagi terma jamoa turnirda finalga qadar yetib borib, oʻz tarixida birinchi marta Olimpiada oʻyinlari yoʻllanmasiga ega chiqdi.
Shuni aholida ta’kidlab oʻtish kerakki, Olimpiada yoʻllanmasi uchun katta yoʻl bosib oʻtildi. 2021-yilda Milliy olimpiya qoʻmitasi (MOQ) qoshida «Olimpik» futbol klubi tashkil qilindi. Klubga U23 terma jamoa negizini tashkil qilgan futbolchilar taklif qilinib, dastlab mamlakat Pro ligasida, keyinchalik Superligada ishtirok etdi. Bu qilingan ishlar jamoaning Olimpiada yoʻllanmasiga ega chiqishiga katta hissa qoʻshgani sir emas.
Olimpiada oʻyinlarida Ispaniya, Misr va Dominikana Respublikasi bilan bir guruhdan joy olgan jamoa katta musobaqadagi dastlabki ishtirokini guruh bosqichida yakunladi. Shunga qaramay muxlis-u mutaxassislar tomonidan jamoa ishtiroki yaxshi baholandi.
Paralimpiya oʻyinlari
Oʻzbekistondan 2024-yilgi Paralimpiya oʻyinlarida 65 nafar sportchi 113 ta yoʻllanma bilan ishtirok etib, yakunda musobaqa jadvalida 13-oʻrinni egalladi.
Dunyoning 168 ta mamlakatidan tashrif buyurgan para atletlar ishtirok etgan ushbu oʻyinlarda Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻz tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etishga erishdi. Musobaqalarda 10 ta oltin, 9 ta kumush va 7 ta bronza, jami 26 ta medal qoʻlga kiritildi.
Shaxmat olimpiadasi
Joriy yil sentabr oyida Budapesht shahri ikki hafta davomida 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasiga mezbonlik qildi. Dunyoning 189 davlati qatnashgan nufuzli musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Bundan oldingi Olimpiada chempioni boʻlgan Oʻzbekiston terma jamoasi Hindiston jamoasi bilan teng kurash olib borib, 2:2 hisobidagi jangovar durangga erishdi. Hindiston shaxmatchilari esa 11 uchrashuvdan 10 gʻalaba va 1 durang qayd etib, chempionlikni qoʻlga kiritdi. Olimpiadaning kumush medallari AQSh terma jamoasiga nasib etdi.
Oʻzbekiston shaxmatchilari individual yoʻnalishlarda ham yuqori natijalarni qayd etdi. Shamsiddin Vohidov oʻz taxtasida oltin medalni qoʻlga kiritib, Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtardi. Nodirbek Abdusattorov va Nodira Nodirjonova esa kumush medallarni qoʻlga kiritdi.
Futzal boʻyicha Jahon chempionati Oʻzbekistonda boʻlib oʻtdi
Futzal boʻyicha 2024-yilgi Jahon chempionati 14-sentabrdan 6-oktabrgacha Oʻzbekistonning Toshkent, Andijon va Buxoro shaharlarida boʻlib oʻtdi. Bu Oʻzbekiston mezbonlik qilgan birinchi FIFA turniri boʻlib, Markaziy Osiyoda oʻtkazilgan ilk FIFA musobaqasi sifatida tarixga kirdi.
Afsuski mundialda mezbon sifatida ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi oʻz yurishni guruh bosqichida yakunladi. Ispaniyalik murabbiy qoʻl ostidagi jamoa guruh bosqichida Paragvay va Kosta-Rika jamoalari bilan bellashib, magʻlubiyatga uchradi. Niderlandiya bilan esa 3:3 hisobida durang o‘ynadi.
«Humo Arena»da boʻlib oʻtgan musobaqaning final bahsida Braziliya futzalchilari qit’adoshlari Argentinani 2:1 hisobida yengib, 2024-yilgi mundial gʻolibi va olti karra jahon chempioniga aylandi.
Futbol boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasining Jahon chempionati saralashidagi ishtiroki
Futbol boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi 2026-yilda AQSh, Kanada va Meksikada boʻlib oʻtadigan Jahon chempionatining 3-saralash bosqichida joriy yilda oltita uchrashuv oʻtkazdi. Oldingi sikllardagi bilan solishtirganda bu yilgi natijani yaxshi deyish mumkin.
Eron, Qatar, BAA, Qirgʻiz Respublikasi va Shimoliy Koreya bilan bir guruhdan joy olgan terma jamoa ortda qolgan oltida uchrashuvdan 13 ochko jamgʻarib, guruhda Erondan (16 ochko) keyin ikkinchi oʻrinni egallab, oʻz tarixida birinchi marta JCHga chiqish uchun yaxshi imkoniyatga egalik qilmoqda.
Kelayotgan yilda Srechko Kanates boshchiligidagi terma jamoamizni yana toʻrtta muhim boʻlgan uchrashuvlar kutib turibdi. Agar ushbu uchrashuvlarda ham ishonchli natijalar qoʻlga kiritilsa, Okeanortidagi musobaqada ishtirok etamiz.
Professional boksdagi oʻzbek bokschilarining ishtiroki
Ortda qolayotgan yilning eng shov-shuvli ranglaridan Isroil Mardrimovning amerikalik Terens Krouford bilan qilgan jangi boʻldi.
4-avgust kuni AQShning Los-Anjeles shahrida boʻlib oʻtgan jangda Isroil Madrimov WBA yoʻnalishi chempionlik kamarini himoya qilish uchun amerikalik Terens Krouford bilan jang qildi.
36-yoshli Krouford «Pound-for-pound» reytingi yetakchisi boʻlib, professional boksda 40 jangda magʻlubiyatga uchramagan edi. U mutlaq jahon chempioni, WBC va WBA kamarlari egasi sifatida ringga chiqdi. Yakunda hakamlar ochkolar evaziga (116-112, 115-113, 115-113) Terens Kroufordning gʻalabasini e’lon qildi.
Madrimov undan oldingi jangini 8-mart oqshomida Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida rossiyalik Magomed Kurbanovga qarshi oʻtkazib, WBA kamarini qoʻlga kiritgandi.
Shuningdek, yana bir oʻzbekistonlik professional bokschi Murodjon Ahmadaliyev 15-dekabrga oʻtar kechasi Monte-Karloda (Monako) meksikalik Rikardo Espinosa Frankoni magʻlubiyatga uchratib, WBA yoʻnalishi boʻyicha vaqtinchalik chempionlikka erishdi.
Shuningdek, Shahram Gʻiyosov Pablo Kanoni magʻlub etdi va chempionlik kamari uchun rasmiy da’vogarga aylandi, Hasanboy Doʻsmatov IBA chempionlik kamari sohibi boʻldi.