Poytaxt avtobuslari uchun naqd pulga chiptani qanday olish mumkin — fotoqo‘llanma
Joriy yilning 1-yanvardan boshlab Toshkent shahridagi avtobuslarda naqd pul orqali to‘lov amalga oshirish bekor qilingan edi. Endi naqd pulda to‘lov qilishni istagan yo‘lovchilar maxsus «Paynet», «Oson» va «MultiPay» infokiosklari orqali QR-kodli bir martalik chiptalarni xarid qilishlari lozim bo‘ladi. Kursiv Uzbekistan nashri poytaxt yo‘lovchilari uchun qanday qilib QR-kodli avtobus chiptalarini olish bo‘yicha fotoqo‘llanma tayyorladi.
QR-chiptalarni qayerdan va qanday sotib olinadi
1-qadam. Infokiosk topish
Bunday infokiosklar, asosan, avtobus bekatlari, aholi gavjum joylar va yirik savdo markazlar oldida ko‘p uchraydi.
2-qadam. Kerakli bo‘limni topish
Infokiosk ekranida turli to‘lov bo‘limlari mavjud. Ular ichidan «Avtobus QR chiptasi» yoki «Автобусный QR билет» bo‘limi tanlanadi. Odatda, bo‘lim ekranning yuqori o‘ng tomonida yoki o‘rta qismida joylashgan bo‘ladi.
3-qadam. Ogohlantiruv e’lonini tasdiqlash
Kerakli bo‘lim tanlanganidan so‘ng, infokiosk ekranida ogohlantiruv e’loni hosil bo‘ladi. E’lon mazmuni ushbu QR-kodli chiptaning faqat Toshkent shahri hududida harakatlanuvchi avtobuslar uchun amal qilishi haqida ogohlantirishdan iborat. Uni «OK» buyrug‘ini berish orqali tasdiqlash va keyingi sahifaga o‘tish mumkin.
4-qadam. Telefon raqami kiritish
Ushbu bosqichda QR-kodli chipta uchun qilingan to‘lovdan ortgan qaytimni tashlash uchun Infokiosk sizdan telefon raqami so‘raydi. Telefon raqami kiritilganidan so‘ng «Oldinga» tugmasi bosiladi.
5-qadam. Pulni kiritish
Infokioskda telefon raqamingiz kiritilgan ekran paydo bo‘ladi. Telefon raqamingiz to‘g‘riligiga ishonch hosil qiling.
«Naqd pul kiriting» deb yozilgan tirqichga 1000, 5000, 10 000, 50 000 yoki 100 000 soʻmlik kupyuralardan biri kiritasiz. Bunda chipta uchun 3000 so‘m olib qolinadi va ortgan pul qoldig‘i avtomatik tarzda kiritilgan telefon raqami hisobiga tashlanadi.
6-qadam. QR-kodli chiptani olish
To‘lov amalga oshirilgach, QR-kodli chiptani olish mumkin bo‘ladi. Ma’lumot uchun, ushbu chipta bir marta ishlaydi va bir ish kuni mobaynida amal qiladi.
Chipta yaxshi holatda saqlanishiga e’tibor bering, g‘ijimlangan, buklangan QR kodi zararlangan chipta to‘lov uchun yaroqsiz holatga keladi va avtobus validatorida qabul qilinmaydi.
7-qadam. Chiptani validatordan o‘tkazish
Chiptani manzilga yetib olguningizcha saqlang va tushayotgan paytda chiptadagi QR kodni avtobus validatori tagida, kerakli masofada ushlab turish orqali to‘lovni amalga oshirasiz.
Validator ostidagi yashil lazer nuri QR kodni skanerlaydi va chiptani tekshiradi.
Chipta qabul qilingach, validator ekranida tasdiqlov belgisi hosil bo‘ladi. Tayyor!
Avvalroq, naqd puldan foydalanadiganlar uchun yo‘lkira narxi 3000 so‘mga oshirilgan edi. Ammo, ATTO xizmatidan yoki kontaktsiz bank kartalaridan foydalanuvchi yo‘lovchilar uchun tariflar o‘zgarishsiz qoldi — ularga peresadkalar uchun bonusli imkoniyatlar ham saqlanib qolgan holda 1700 so‘mlik tarif o‘z kuchida qoldirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ATTO transport kartalarini qayerdan rasmiylashtirish mumkinligi haqida yozgan edik.