Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-dekabr kuni qabul qilingan qaroriga binoan, xavfli mahsulotlar, chiqindilar va ayrim kimyoviy moddalarning mamlakat hududiga olib kirilishi ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Qaror asosida quyidagilar tasdiqlandi:
- Oʻzbekistonga olib kirilishi taqiqlangan xavfli mahsulotlar va chiqindilar roʻyxati;
- Oʻsimliklarni himoya qilish vositalari va boshqa ekologik xavfli organik ifloslantiruvchi moddalar roʻyxati;
- Import va eksport qilinishi davlat nazoratiga olingan va majburiy ekologik sertifikat talab qilinadigan mahsulot va chiqindilar roʻyxati.
Oʻzbekistonga chiqindi olib kiruvchilar quyidagi shartlarga amal qilishi shart: chiqindilarni mustaqil ravishda qayta ishlaydiganlar davlat ekologik ekspertizasi xulosasiga ega boʻlishi, mustaqil qayta ishlash imkoniyati yoʻqlar esa chiqindilarni utilizatsiya qiluvchi tashkilotlar bilan shartnoma tuzishi lozim.
«Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi», – deyiladi Adliya vazirligi xabarida.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda sanoat korxonalariga havo va suv filtrlarini o‘rnatish uchun imtiyozlar taqdim etilishi nazarda tutilgan prezident qarori loyihasi haqida xabar bergan edi.