Yangiliklar

Salim Abduvaliyev sport kurashlari assotsiatsiyasi rahbarligidan ketdi

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev assotsiatsiya raisi etib saylandi
Foto:olympic.uz

Salim Abduvaliyev sport kurashlari assotsiatsiyasi rahbarligidan ketdi. Bu ma’lumotni Olimpiya qo‘mitasi matbuot kotibi Zafar Imomxo‘jayev Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Har bir Olimpiya o‘yinlari davrida qo‘mitadagi assotsiatsiyalar tarkibi yangilanadi, deya qo‘shimcha qildi u.

Bugun Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston Sport kurashlari assotsiatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir kun tartibidan Assotsiatsiyaga yangi rahbar saylash masalasi o‘rin oldi.

Konferensiyada Sport vaziri Adham Ikramov, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev, Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, Assotsiatsiya rayosat a’zolari, murabbiylar shtabi va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va mamlakat Kurash Federatsiyasi rahbari Nig‘matilla Yo‘ldoshevning nomzodi Assotsiatsiya raisligiga ilgari surildi. Adham Ikramov Nig‘matilla Yo‘ldoshevning sport boshqaruvidagi tajribasi sport kurashlarini yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil bo‘lishini ta’kidladi. Natijada yig‘ilish ishtirokchilari bir ovozdan uni rais etib saylashdi.

Shundan so‘ng Assotsiatsiya Bosh kotibi Shuhrat Mamadaliyev «Los-Anjeles – 2028» Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rejasini taqdim etdi. U har bir vazn toifasida asosiy va zaxira tarkib shakllantirilgani, ayollar kurashidagi yo‘llanmalarni ko‘paytirish, yunon-rum kurashchilarining natijadorligini oshirish va erkin kurash yo‘nalishida ichki raqobatni kuchaytirish masalalariga to‘xtaldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Salim Abduvaliyev ozodlikka chiqarilgani haqida xabar bergan edi.