Xalq bilan armiya tobora yaqin boʻlib borayotgani harbiy soha rivojiga yangicha kuch va sifat bagʻishlamoqda – prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tabrik yoʻlladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari oʻz tabrigida Qurolli kuchlarning mamlakat mustaqilligi va xavfsizligi kafolatiga aylanganini alohida taʼkidladi. Soʻnggi yillarda armiyani zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika bilan taʼminlash, harbiylarning jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligini oshirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
«Eng muhimi, xalq bilan armiya tobora yaqin boʻlib borayotgani harbiy soha rivojiga yangicha kuch va sifat bagʻishlamoqda. Bugungi kunda navqiron avlodimiz oʻrtasida harbiy xizmatga qiziqish kuchayib, minglab yigit-qizlarimiz vatan himoyasiga dadil bel bogʻlayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Biz ana shunday oʻtyurak farzandlarimiz timsolida boʻlgʻusi qahramonlarimiz, Qurolli kuchlarimizning boʻlajak ofitser va generallari, mohir qoʻmondonlarni koʻramiz», – deydi davlat xabari.
Shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy taʼlimni takomillashtirish, malakali harbiy kadrlar tayyorlash va harbiylar hamda ularning oilalarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Prezident mamlakatda xalq va armiyaning yanada yaqinlashib borayotganini taʼkidlar ekan, barchani Vatan himoyasiga masʼuliyat bilan yondashishga chaqirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabidagi sammitda «yashil» iqtisodiyot, energetika manbalari va iqlim oʻzgarishi masalalari haqida nutq soʻzlagani haqida xabar bergan edi.