Oqdaryo suv omborida yoriqlar paydo boʻlgani haqidagi xabarlar rad etildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi Oqdaryo suv omborida damba yorilgani hamda suv sathi me’yordan oshib ketgani haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqalmoqda. Holat yuzasidan tuman hokimligi rasmiy munosabat berdi.
«Oqdaryo suv omborida hech qanday nosozliklar yoki xavfli holat yuzaga kelmagan. Suv sathi me’yoriy darajada boʻlib, damba va unga tegishli infratuzilmalar barqaror holatda ishlamoqda. Barcha obyektlar doimiy ravishda mutaxassislar tomonidan nazorat qilinmoqda», – deyiladi.
Shuningdek, Oqdaryo suv ombori strategik ahamiyatga ega inshoot sifatida qonunchilikka muvofiq ravishda texnik koʻrikdan oʻtkazilib, uning xavfsizligi toʻliq ta’minlangani ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, Oqdaryo daryosining oʻzanida joylashgan Oqdaryo suv ombori 1989-yilda foydalanishga topshirilgan. U 7 ballgacha zilzilaga bardosh beradi va 110 million metr kub suv sigʻimiga ega.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqand shahrining chegarasi oʻzgarishi haqida xabar bergan edi.