Srechko Katanes Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligidan ketdi
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolar sababli Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan tuzilgan shartnomani oʻzaro rozilik asosida bekor qilishga qaror qildi.
Sloveniyalik murabbiy oʻz murojaatida hozirgi holatida vazifalarini toʻlaqonli va professional tarzda bajarish imkoniyati yoʻqligini afsus bilan ta’kidladi. Shuningdek, u doimiy qoʻllab-quvvatlagani va samarali hamkorlik uchun assotsiatsiyaga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.
Katanes Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga jahon chempionati saralash bahslarida muvaffaqiyat tiladi va jamoa bilan ishlagan vaqtini yuksak e’tirof etishini qayd etdi. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi endilikda terma jamoaga yangi bosh murabbiy tayinlash masalasini hal qilish ustida ish olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, Katanes 1963-yilda Sloveniyaning Lyublyana shahrida tug‘ilgan. Murabbiylik faoliyatida esa Makedoniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Sloveniya va Iroq milliy terma jamoalarini boshqargan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kotrina Kulbite O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasining bosh murabbiyi etib tayinlangani haqida xabar bergan edi.