Cheklangan savdo ustamalari faqat retsept asosida beriladigan dori vositalariga tatbiq etiladi
eʼlon qilindi
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi

Prezidentning «Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjat bilan farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish yo‘nalishida yangi vazifalar belgilandi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:
- Biologik faol qo‘shimchalar va kosmetika mahsulotlari sanoatini rivojlantirish, bozorni o‘rganish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, shuningdek, ilg‘or xorijiy standartlarni joriy etishga yordam berish;
- Hududiy farmatsevtika korxonalarining investitsiya loyihalarini monitoring qilish va hisobini yuritish;
- Farmatsevtika sohasini raqamlashtirish va axborot dasturlarini joriy etish.
2025-yil yakuniga qadar «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining dastlabki kvalifikatsiyasidan o‘tkazilishi belgilangan.
Shuningdek, 2025-yil 1-apreldan quyidagi qoidalar kuchga kiradi:
- Cheklangan savdo ustamalari faqat retsept asosida beriladigan dori vositalariga tatbiq etiladi;
- Bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida tarkibi bir xil bo‘lgan dori vositalari uchun eng past referent narx belgilanishi ta’minlanadi;
- Referent narxlar xorijiy valyutada belgilangan hollarda ular avtomatik ravishda qayta ko‘rib chiqiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish 18,6 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.