Kriptovalyuta birjasi Binance Oʻzbekistonda litsenziyalangan provayder Coinpay bilan hamkorlikda faoliyatini boshladi. Endilikda foydalanuvchilar raqamli aktivlarni qonuniy ravishda sotib olishi va sotishi, shuningdek, so‘mda mablag‘ kiritish va yechib olish imkoniyatiga ega. Biroq Binance ushbu sohada faoliyat yuritayotgan yagona kompaniya emas: respublikada 10 dan ortiq provayder allaqachon ish olib bormoqda. Bozorni qanday oʻzgarishlar kutayotganini koʻrib chiqamiz.
Binance qanday ishlaydi
Binance’ning Markaziy va Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo hamda Afrika boʻyicha mintaqaviy rahbari Kirill Xomyakovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston foydalanuvchilari Coinpay platformasi orqali xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Litsenziyalangan provayderning veb-saytida ro‘yxatdan o‘tish, verifikatsiyadan o‘tish, Binance ilovasini yuklab olish va milliy valyutada operatsiyalarni amalga oshirish mumkin.
Bu formatning asosiy farqi shundaki, so‘mda barcha operatsiyalar regulyator talablari asosida qonuniy tarzda amalga oshiriladi. Hozircha Binance va Coinpay hamkorligining asosiy yo‘nalishi bank kartalari hamda milliy to‘lov tizimlari orqali mablag‘ kiritish va yechib olish imkoniyatlarini taqdim etishga qaratilgan.
«Agar xizmatlar doirasi kengaytirilsa, bu haqda, albatta, xabar beramiz», – dedi Xomyakov.
Binance vakili ikki kompaniya hamkorligining tafsilotlarini oshkor etmadi (masalan, Coinpay bitimlardan foiz oladimi yoki yo‘q), biroq bu hamkorlik O‘zbekistonda kriptoindustriyani rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidladi.
Qanday kriptovalyutalar mavjud
O‘zbekiston foydalanuvchilari Binance platformasida taqdim etilgan barcha aktivlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa Bitcoin (BTC), Ethereum (ETH), Binance Coin (BNB) va yuzlab boshqa tokenlar bilan savdo qilish mumkinligini anglatadi.
Bu bozorga qanday ta’sir qiladi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati kriptoindustriyani faol ravishda tartibga solmoqda. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) raqamli aktivlar bilan ishlash bo‘yicha aniq qoidalarni ishlab chiqdi. Litsenziyalanmagan platformalarda savdo qilish uchun ma’muriy jarimadan tortib jinoiy javobgargacha bo‘lgan jazolar belgilangan.
Binance O‘zbekistonda muammolarga duch kelgan. 2024-yil boshida birja litsenziyasiz faoliyat yuritgani uchun jarimaga tortilgan, biroq keyinchalik regulyator talablarini to‘liq bajargan. Endilikda kompaniya MDH mintaqasida o‘z mavqeyini mustahkamlashni rejalashtirmoqda.
«O‘zbekiston Binance uchun MDHdagi ustuvor bozorlardan biri sanaladi. Mamlakat foydalanuvchilariga xizmat ko‘rsatish bizga butun mintaqadagi pozitsiyalarimizni mustahkamlashga yordam beradi», – dedi Kirill Xomyakov.
Birja vakili O‘zbekistondagi foydalanuvchilar soni yoki savdo hajmi bo‘yicha aniq ma’lumotlarni oshkor etmadi.
Biroq Lockton Finance kriptodepozitariy direktori Denis Shipilov fikriga ko‘ra, bozorda keskin o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Mamlakatda 10 dan ortiq provayderlar allaqachon faoliyat yuritayotgani sababli, mijozlarning asosiy ehtiyojlari qondirilgan. Mutaxassisning fikricha, Binance’ning kirib kelishi inqilobiy o‘zgarish emas, balki kriptosektorning bosqichma-bosqich rivojlanishiga xizmat qilishi mumkin.
Raqobat kuchayadimi
Binance’ga muqobil platformalar ham rivojlanishda davom etmoqda. Masalan, Lockton Finance Binance’ga o‘xshash investitsiya modulini taklif etib, foydalanuvchilarga 200 dan ortiq kriptovalyutalarga kirish imkonini beradi. Bundan tashqari, kompaniya kastodial xizmatlar va RWA tokenizatsiya platformasini kengaytirishga e’tibor qaratmoqda.
«Eng ommabop kriptoaktivlarga investitsiya kiritish imkoniyatidan tashqari, Lockton Finance platformasida kriptoaktivlarni kastodial saqlash xizmati, RWA tokenizatsiya maydonchasi hamda investitsiya tokenlari asosida moliyaviy mahsulotlar yaratishga imkon beruvchi ITO moduli mavjud», – deydi Denis Shipilov.
Shuningdek, UzNex kriptobirjasi ham faoliyatini davom ettirmoqda. Unda Bitcoin, Ethereum va boshqa aktivlardan iborat 15 ta valyuta juftligi savdoga qo‘yilgan. Mamlakatda Paynet Crypto, C-bace kabi kriptomarkazlar ham ishlamoqda. Litsenziyalangan provayderlarning to‘liq ro‘yxati ILMA rasmiy saytida e’lon qilingan.
Shunday qilib, Binance O‘zbekistonda allaqachon shakllangan raqobat muhitiga kirib kelmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu jarayon raqobatni kuchaytirib, foydalanuvchilar uchun sharoitlarni yaxshilashga hamda mamlakatda raqamli aktivlar ekotizimini rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.