Yangiliklar

Ikkita viloyatda chiqindi yigʻimi narxlari oshdi

Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida
Foto: Pexels.com

Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida maishiy chiqindilarni yigʻish va olib chiqish boʻyicha yagona tariflar tasdiqlandi. Xalq deputatlari viloyat Kengashlari bu qarorni sanitariya-tozalash xizmatlari sifatini oshirish maqsadida qabul qildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.

Toshkent viloyatida jismoniy shaxslar uchun tarif QQS bilan bir kishiga 7840 soʻm etib belgilandi (avval 4400 soʻm), yuridik shaxslar uchun esa bir metr kub chiqindi uchun 82 880 soʻm (avval 68 320 soʻm).

Surxondaryoda esa tarif jismoniy shaxslar uchun 7840 soʻm, yuridik shaxslar uchun 136 885 soʻmni tashkil etdi. Oʻtgan yil aprel oyidan buyon tariflar 74 foizga oshgan.

Mazkur tariflar hududlardagi «Toza hudud» DUK hamda qator xususiy kompaniyalarga tatbiq etiladi. Agentlik yagona tariflar xizmat sifatini oshirish va yangi ish oʻrinlarini yaratishga qaratilganini ta’kidladi.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda chiqindilarni energiyaga aylantiruvchi birinchi davlat boʻlishi haqida xabar bergan edi.